Mahalliy dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishni jadallashtirish masalalari yuzasidan navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi
Avval xabar berganimizdek, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini tartibga solish va dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini samarali tashkil etish maqsadida muntazam ravishda onlayn uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.
Shu kabi muloqotlarning navbatdagisi “RADIKS” MCHJ va “LEKINTERKAPS” MCHJ mahalliy farmatsevtika korxonalari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Unda “RADIKS” MCHJ tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomalarining amal qilish muddatini uzaytirish uchun taqdim etilgan 16 nomdagi, shuningdek, “LEKINTERKAPS” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan 15 nomdagi dori vositalarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida mutasaddilar tomonidan tadbirkorlarning sohadagi dolzarb masalalar bo‘yicha savollariga atroflicha javob berildi. Shuningdek, mahalliy ishlab chiqarilgan dori vositalarini ekspertizadan o‘tkazish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan zarur tavsiyalar va ko‘rsatmalar berildi.